26 Iyun 2024 yil 1468

“Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom oyligi” doirasida  Xo‘jaobod tumani va Xonobod shahar ichki ishlar bo‘limlarining shaxsiy tarkibi, ularning ota-onalari hamda faxriy xodimlar ishtirokida xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Avval xabar qilinganidek, “Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom oyligi” doirasida  Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati tomonidan joylarda xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 25-iyun kuni Xo‘jaobod tumani va Xonobod shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda  ichki ishlar bo‘limlarining xodimlari, ularning ota-onalari hamda faxriy xodimlar ishtirok etdi.

O‘tkazilgan tadbirlar avvalida, o‘z mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan holda fuqarolardan pora olib, ota-onasi va yaqinlarini mahalla ko‘y oldida uyatga qo‘ygan ayrim tizimga adashib kirib qolgan xodimlarning achchiq qismatlari aks etgan taʼsirchan videoroliklar namoyish etildi. Ushbu holatlar barchaga dars bo‘lishi hamda shunga o‘xshash nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etilishining oldini olish bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirib o‘tildi.

Muhokama davomida ichki ishlar bo‘limlarining shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar holati tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Tadbir so‘ngida, o‘zining namunali intizomi hamda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar osoyishtaligini ishonchli taʼminlashda boshqa hamkasblariga alohida o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi.

Hozirda bu kabi xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar joylarda davom ettirilmoqda.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech