28 Iyun 2024 yil 1334

“Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom oyligi” doirasida Paxtaobod tumani IIB shaxsiy tarkibi, ularning ota-onalari hamda faxriy xodimlar ishtirokida xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi

Avval xabar qilinganidek, “Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom oyligi” doirasida Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov  hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati boshchiligida xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishlari shahar-tumanlarda davom ettirilmoqda.  

Joriy yilning 27-iyun kuni Paxtaobod tumanida bo‘lib o‘tgan navbatdagi muhokama yig‘ilishida ham ichki ishlar bo‘limining shaxsiy tarkibi, ularning ota-onalari hamda faxriy xodimlar ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida, yig‘ilganlar eʼtiboriga turli qonunbuzilish holatlarini sodir etib, yaqinlarini el-yurt oldida uyatga qo‘ygan ayrim nopok xodimlarning achchiq qismatlari aks etgan videorolik namoyish etilib,  bu kabi tizim obro‘siga putur yetkazadigan salbiy holatlarni oldini olish bo‘yicha atroflicha so‘z olib borildi. Noqonuniy ishlar sodir etganlarning ayanchli taqdiri barchaga dars bo‘lishi to‘g‘risida ham hayotiy tajribalar o‘rtoqlashildi.

Shuningdek, muhokama davomida ichki ishlar bo‘limlarining shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar holati tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Tadbir so‘ngida, o‘zining namunali intizomi hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda boshqa hamkasblariga alohida o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi.

Hozirda bu kabi xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan tadbirlar joylarda davom ettirilmoqda.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech