O‘zbekiston Respublikasi IIV JXD Probatsiya xizmati ishchi guruhining Andijon viloyatida hamkor tashkilot va idoralar tomonidan probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tanqidiy muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
So‘nggi yillarda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Ushbu sohada olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 noyabrdagi "Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4006-son qarori asosida Ichki ishlar organlari tizimida probatsiya xizmati tashkil etildi.
Prezidentimiz tomonidan probatsiya bo‘linmalarining asosiy vazifasi etib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijrosini nazorat qilish hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni samarali tashkil etilishi belgilandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, joriy yilning 24 noyabr kuni Andijon viloyati IIB binosining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi IIV JXD probatsiya xizmati boshlig‘i polkovnik Radjapov Bunyodbek Madirimiovich raisligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 fevraldagi “Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 84-sonli qarorida ko‘rsatib o‘tilgan hamkor vazirlik va idoralarning hududiy boshqarma va bo‘limlari rahbarlari va ushbu qarorga bevosita masʼul xodimlari ishtirokida ularning oldiga belgilab berilgan vazifalar ijrosi ahvolini o‘rganish va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan tanqidiy tarzda muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Videoselektor tarzda o‘tkazilgan ushbu yig‘ilishda Andijon viloyati ichki ishlar organlarining qarorda ko‘rsatib o‘tilgan tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik doirasida probatsiya nazoratidagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab - quvvatlash hamda tibbiy ko‘riklarini sifatli o‘tkazilishini taʼminlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati