O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Andijonda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
2022-yil 25-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi va qo‘mita raisining o‘rinbosari tomonidan Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Xususan, Andijon viloyati IIB navbatchilik qismida tashkil etilgan “Situatsion markaz”ga tashrif buyurilib, ushbu markaz faoliyati va ishlash tizimi bilan yaqindan tanishib chiqildi.
Shuningdek, tashkil etilgan “102” avtomatlashtirilgan tizimi ish faoliyati, ichki ishlar, prokuratura, davlat kadastri, geodeziya va kartografiya milliy markazining maʼlumotlar bazalarini integratsiya qilinishi bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar yuzasidan axborot berildi. Ichki ishlar organlari moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida viloyat IIB Ekspert kriminalistika bo‘limiga berilgan “FORD TRANZIT” rusumli mobil kriminalistik laboratoriyasi bilan ham tanishtirildi.
Bundan tashqari, viloyat IIB YHXB binosida Andijon shahrining 7 ta markaziy chorrahalariga o‘rnatilgan transport vositalarini qoidabuzarligini aniqlovchi videokameralar faoliyati o‘rganilib, yo‘l transport hodisalarini oldini olish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish yuzasidan Honobod shahrida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Zakovat” intellektual bellashuvlari hamda Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “KHANTEX GROUP” klaster faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi va qo‘mita raisining o‘rinbosari tomonidan Andijon viloyatida o‘rganishlar davom etmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati