9 Iyun 2020 yil 967

Paxtaobod tumanida sodir etilgan jinoyatga sabab bo‘lgan omillar atroflicha muhokama qilindi

2020 yil 08 iyun kuni Paxtaobod tumani, “Muazzimboy” MFY da tuman IIB,  jamoat tashkilotlari, mahalla faollari, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama o‘tkazildi. Kun tartibidagi asosiy masala, ya'ni 2020 yil 05 iyun kuni sodir etilgan mudhish jinoyat, uning oqibatlari, jinoyatni kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holatlar atroflicha muhokama qilindi.

Sodir etilgan jinoyat tafsilotlariga ko‘ra, shu yilning 05 iyun' kuni soat 22:00lar chamasida Andijon shahrida yashovchi fukaro A.A Paxtaobod tumani “Muazzimboy” MFYga oilaviy masalada kelib, shu mahallada yashovchi fukaro Z.Z bilan o‘zaro gap tortishgan va janjallashib ketgan. Janjal oqibatida A.A yerda bo‘lgan temir bo‘lagi bilan Z.Z.ga zarba berib, unga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Paxtaobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104- moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar, ushbu jinoyatning sodir etilishiga asosan mas'ul xodimlarning befarqligi sabab bo‘lganligiga urg‘u berishdi. Atrof-muhitga loqayd va beparvo munosabat tufayli shunday mudhish jinoyatlar sodir etilayotganligi o‘kinch bilan tilga olindi.

Shuningdek,ushbu sodir etilgan jinoyat barchamizni sergak tortishga undashi kerakligi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi degan tushunchadan yiroq bo‘lib, ularni oldini olishda har bir jamoat tashkilotlari, mahalla, xotin-qizlar, Yoshlar Ittifoqi, keng jamoatchilik birgalikda faoliyat olib borishi zarurligi, shundagina amalga oshirilayotgan ishlar natija berishi mumkinligi alohida ta'kidlab o‘tildi.

Muhokama yakunida  mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini bu joyda ishtirok etganlarning barchasi oila a'zolari, qarindosh urug‘lari hamda tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari kerakligi aytilib, bu borada tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech