27 Aprel 2022 yil 518

Paxtaobod tumanida sodir etilgan jinoyat sabablari keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi

Shu yilning 24-aprel kuni Paxtaobod tumanida qo‘shnilar o‘rtasida arzimas kelishmovchilik oqibatida kelib chiqqan qotillik jinoyati yuzasidan keng jamoatchilik ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.T.Raxmatullayev ishtirokida o‘tkazilgan muhokamada ushbu jinoyatning kelib chiqish sabablari tub ildizigacha tahlil qilindi.

Unda oddiy kelishmovchiliklar ham og‘ir jinoyatlarga sabab bo‘layotgani, bunda joylardagi mutasaddilar shu yo‘nalishda yetarlicha ish olib bormayotganini tanqid ostiga olindi. Shuningdek, bu kabi mudxush jinoyat uchun qonunchiligimizda belgilangan qatʼiy jazo choralari qo‘llanilishi, jinoyatga jazo muqarrarligi alohida taʼkidlab o‘tildi. 

Shuningdek, aksariyat mahallalarda qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘larning atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarqlik bilan qarab, ko‘rib-qo‘rmaslikka olayotganliklari, bo‘layotgan holatlarga tomoshabin bo‘lib o‘rganib qolayotganliklari keskin qoralandi. Muhokamada ishtirok etagan fuqarolar ham sodir etilgan bu qotillik bo‘yicha o‘z munosabatlarini ochiq oydin bayon etdilar.

Muhokama so‘ngida mazkur  jinoyatning kelib chiqish sabablarini keng jamoatchilik vakillariga yanada taʼsirchan usullarda yetkazish bo‘yicha hududiy profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, ko‘chaboshilari, oqsoqollari hamda mahalla faollariga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech