Profilaktika inspektorlari va tergovchilarning bilim saviyasini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari bu gal Shahrixon tumanida bo‘lib o‘tdi
Andijon viloyati IIB boshlig‘ining topshirig‘iga asosan shahar-tuman IIBlari huzuridagi tergov bo‘lim, bo‘linma va guruhlari tergovchilari va hududiy profilaktika inspektorlarining bilim saviyasini yana-da mustahkamlash borasida navbatdan tashqari o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Bu galgi o‘quv mashg‘ulotlar 7 may kuni Shahrixon tumani IIBning profilaktika inspektorlari va tergovchilari uchun tashkil etildi.
Unda dastlab, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik I.Fayzullayev hamda malakali mutaxassislar tomonidan jinoyat ishlarini tergov qilishda protsessual tartibga rioya qilish, tergov harakatlarini o‘tkazish metodlari, hodisa joyini ko‘zdan kechirish, eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan holatlar, ayblanuvchini harakatlarini malakalash, xizmatlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib borildi.
Shuningdek, Andijon viloyati IIB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘i podpolkovnik S.Nishonov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, profilaktika inspektorlari tomonidan maʼmuriy bayonnomalarni rasmiylashtirish, ishni “soatbay” tashkil qilish, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan ishlash, jinoyatchilikni oldini olish borasida "xonadonbay" va "fuqarobay" usulda ish tashkil qilish, shuningdek, jinoyat muhokamalarini tashkillashtirish masalalari bo‘yicha ham o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Savol-javob tarzida bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotlarda tergovchilar va profilaktika inspektorlari o‘zlarini qiziqtirgan masalalarga atroflicha javoblar oldilar
Bu kabi o‘quv mashg‘ulotlarining o‘tkazilishi shahar-tumanlarda davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati