Qo‘rg‘ontepa tumanida qo‘shnilar o‘rtasidagi arzimas sabab tufayli sodir etilgan jinoyat keng jamoatchilik bilan muhokama qilindi
2020 yil 8 iyun kuni soat 18:00 lar atrofida Qo‘rg‘ontepa tumani, Ijtimoyat MFYda yashovchi fuqaro G‘.N shu mahallada yashovchi qo‘shnisi R.A.ning xonadoniga chiqib, uning hovlisii orqali o‘z uyiga o‘tib borgan ichimlik suvi quvurini uzib yuborganligi uchun, u bilan janjallashadi. Janjal vaqtida G‘.N. o‘zining yonida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan R.A. ning qorin qismiga bir marotaba urgan. Ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma'lumotnomasiga ko‘ra, G‘.N qo‘shnisi R.A.ga og‘ir tan jaroxati yetkazgan.
Mazkur holat bo‘yicha 2020 yil 8 iyun' kuni Qo‘rg‘ontepa tumani IIB xuzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 104-moddasiga 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Jabborov boshchiligida Ijtimoyat MFYda muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muhokamada tumani IIB xodimlari, tuman bosh imomi xatibi, maxalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
So‘z olganlar tomonidan sodir etilgan noxush holat sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazildi.Shuningdek, kichik nizolarga va o‘zaro tortishuvlarga guvoh bo‘layotgan paytda atrofdagilarning majburiyatlari, tinchlikni saqlash oldidagi vazifalari, zudlik bilan o‘sha xududda xizmat olib borayotgan profilaktika inpektoriga xabar qilish hamda boshqa bir qancha mavzularda so‘z yuritildi.
Bundan tashqari, har bir fuqaro bunday salbiy holatlarni sodir bo‘lishini tomashabin bo‘lib kuzatib turishi emas, balki uni oldini olishga chin dildan harakat qilishi shartligi, o‘zining ogohligi va hushyorligi bilan mas'ul ekanligi ta'kidlab o‘tildi.
Tuman Bosh imomi xatibi tomonidan muqaddas dinimizdagi qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlari, jaxl chiqqanda o‘zini jilovlash, boshqa bir insonga qasddan zarar yetkazishning gunohi og‘ir ekanligi, ikki yoki undan ko‘proq insonlar orasida nizo chiqishini tashqaridan bila turib, bunga befarq bo‘lish ham katta ayb sanalishi xaqida so‘z olib borildi. Maxalla raisi, nuroniylar va maxalla faollari ham ushbu holat borasida o‘zlarining fikr mulohazalarini bildirishib, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun bor imkoniyatlari bilan harakat qilishlarini ta'kidlab o‘tishdi.
Muhokama yakunida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini bu joyda ishtirok etganlarning barchasi oila a'zolari, qarindosh urug‘lari hamda tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari kerakligi aytilib, bu borada tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati