5 Oktyabr 2022 yil 378

Respublika idoralararo ishchi guruhining tashabbusi bilan Andijon viloyati IIB probatsiya boshqarmasi nazorati ostidagi shaxslarning bandligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi 

Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimizning tashabbusi, dono va odilona saʼy-harakatlari tufayli barcha jabhada tub islohotlar amalga oshirilib, har bir sohaning oliy vazifasi - inson qadr-qimmatini ulug‘lashga qaratildi.

Shu jumladan, ichki ishlar organlarida insonparvarlik tamoyillarini, xalq manfaatlari hamda fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini taʼminlash kabi ezgu amallarni probatsiya faoliyatida ham ko‘rishimiz mumkin.

Probatsiya xizmati o‘z faoliyatini boshlagan davrdan xozirga qadar soha xodimlari tomonidan bir qator muhim ishlar amalga oshirildi. Faoliyatning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligining samarasi o‘laroq,  bilib-bilmay jinoyat sodir etib probatsiya nazorati ostiga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ish bilan bandligini taʼminlash, muayyan kasbga o‘qitish orqali ularning dunyoqarashida jinoyatchilikka qarshi hamda mehnatga halol munosabatni shakllantirish borasida muayyan natijalarga erishildi.

Eng asosiysi, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan shaxslarga “mahkum” sifatida munosabat bildirish tushunchasidan voz kechilib, probatsiya bo‘linmalarida xizmat olib borayotgan har bir xodim o‘zini “Xalq xizmatkori” sifatida baholab, bor imkoniyatlarini xalq koriga safarbar etmoqdalar.

Binobarin, o‘tgan vaqt mobaynida probatsiya nazorati ostidagi shaxslarning turmush darajasi va yashash sharoitini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Ijtimoiy-huquqiy yordamning individual maqsadli dasturlari ishlab chiqilib, ularni joriy etish borasida davlat tashkilotlari hamda mutasaddi idoralar bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yildi.

Andijon shahridagimonomarkazda tashkil etilgan tadbirlar ham aynan probatsiya nazorati ostidagi shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularni kasb-hunarga o‘qitish va muayyan foydali mehnat bilan shug‘ullanishlarini taʼminlash masalalariga qaratildi.

Ushbu markazda zamonaviy kasb-hunarning 30 ga yaqin turi bo‘yicha kurslar tashkil etilgan bo‘lib, 3 oy davomida o‘rganilgan soha bo‘yicha taʼlim oluvchilarga sertifikatlar topshiriladi. Asosiy jihati shundaki, markazda barcha kasb-hunar yo‘nalishlariga bepul o‘qitiladi.

Egallagan kasbi bo‘yicha mutaxassislarga ish o‘rinlari taklif qilinib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan shaxslarga barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib beriladi.

Bugun tashkil etilgan ushbu tadbirlar davomida probatsiya nazorati ostida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga ushbu “monomarkazda yaratilgan sharoit hamda imkoniyatlar bilan tanishtirilib, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, o‘qish hamda ishga joylashishlarini taʼminlash masalalari hal etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Bekmurod Abdullayev “monomarkazda yaratilgan ushbu zamonaviy hamda zaruriy sharoitlar bilan yaqindan tanishar ekan, markaz faoliyatini yana-da kengaytirish, natijadorlik sari dadil odimlash, fuqarolarimizga yana-da qulaylik va imkoniyatlar yaratib berish borasida o‘zining taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Shu kuni Markazda tashkil etilgan “Ishga marhamat” mehnat yarmarkasi davomida probatsiya bo‘linmalari nazoratidagi 45 nafar shaxslar viloyat hududida faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlarning bo‘sh ish o‘rinlariga ishga qabul qilinib, ular bilan shartnomalar tuzildi.

Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan yagona maqsad, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashishlarini taʼminlash, ularning dunyoqarashida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, qolaversa, nazoratdagilarning turmush tarzi va yashash sharoitini yaxshilash, ularni jamiyatning to‘laqonli aʼzosi sifatida o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashishdan iborat.

Tadbirlar davomida 15 nafar fuqarolar ishga joylashdi, 25 tasiga esa yo‘llanma berildi, probatsiya hisobida turgan 20 dan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar ko‘rgazmalari bilan ishtirok etdi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech