11 May 2022 yil 408

Respublika ishchi guruhi tomonidan Andijon shahrida o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabulda ichki ishlar vazirining o‘rinbosari tomonidan fuqarolarning muammolari hal etildi

Joriy yilning 11-may kuni ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzarahimov, IIV huzuridagi tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Baxtiyor Jalolov hamda viloyat IIB masʼullari tomonidan viloyat markazidagi “Navoiy” nomli istirohat bog‘i hududida sayyor fuqarolarni qabul qilish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Unda har bir murojaat atroflicha o‘rganilib chiqildi va hal etish maqsadida tegishli tartibda ro‘yxatga olindi. Ko‘p murojaatlar esa ijobiy yechim topdi.

Xususan mazkur sayyor qabulda 25 yil davomida fuqarolikni olishni orzu qilgan Rahmonova Feruzaning niyati ham amalga oshdi. U qariyb 25 yil davomida fuqarolikni olishni orzu qilib kelayotgan edi. Bugun uning o‘ziga va 3 nafar farzandlariga O‘zbekiston respublikasi fuqaroligi berildi va ID kartalar topshirildi. Sayyor qabullar davomida 5 nafar yoshlarga fuqarolikni tasdiqlovchi ID kartalar tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, ishga joylashish istagidagi fuqarolarning murojaatlari qanoatlantirildi. Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan sayyor qabulda ichki ishlar organlari xizmatiga kirish istagini bildirgan 6 nafar nomzodlar murojaat qildi. Shundan 5 nafari tizimga qabul qilindi. 1 nafariga esa bo‘lib o‘tadigan tanlovlarda ishtirok etish uchun ruxsat berildi.

Sayyor qabulda bir nechta probatsiya hisobida turuvchi shaxslar ham muddatidan oldin ozod qilindi. Mazkur qabul davomida probatsiya hisobida turuvchi nazorat ostidagi shaxslar tayinlangan jazolaridan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishini so‘rab murojaat qildilar. Murojaatlar atroflicha o‘rganib chiqildi va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga taqdimnoma kiritish orqali 14 nafar shaxslar muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.

Bugun bo‘lib o‘tgan sayyor qabul yakunlariga ko‘ra ichki ishlar organlari tomonidan 66 nafar fuqaro qabul qilinib, murojaatlarning 35 tasi, joyida ijobiy hal qilindi, 31 tasi bo‘yicha arizalar olinib, ijroga qaratildi.

Jinoyat ishlari doirasida 8 nafar fuqarolarga yetkazilgan 402 mln so‘mlik moddiy zararlar undirib berildi. Jumladan, Andijon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi ish yurituvida jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchilar Mirzaqosimov Ravshanbek Mamasadiqovich, Mo‘ydinov Shavkatbek Zokirovich va Neʼmatjonov Abdulaziz Ulug‘bek o‘g‘liga nisbatan fuqaro D.A tomonidan yetkazilgan 362.440.000 so‘m miqdordagi moddiy ziyon undirilib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborildi.

19 nafar turmushida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayol himoya orderi bilan taʼminlandi. 14 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi.

Sayyor qabullar viloyat bo‘ylab davom etadi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech