25 Iyul 2024 yil 2648

Qo‘rg‘ontepa tumani IIB shaxsiy tarkibi hamda ularning ota-onalari ishtirokida xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Avval xabar qilinganidek, Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati tomonidan joylarda xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 24-iyul kuni Qo‘rg‘ontepa tumani bo‘lib o‘tgan tadbirda ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan tadbirlar avvalida, o‘z mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan holda fuqarolardan pora olib, ota-onasi va yaqinlarini mahalla ko‘y oldida uyatga qo‘ygan ayrim tizimga adashib kirib qolgan xodimlarning achchiq qismatlari aks etgan taʼsirchan videoroliklar namoyish etildi. Ushbu holatlar barchaga dars bo‘lishi hamda shunga o‘xshash nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etilishining oldini olish bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirib o‘tildi.

Muhokama davomida ichki ishlar bo‘limining shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar holati tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Tadbir so‘ngida, o‘zining namunali intizomi hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishda boshqa hamkasblariga alohida o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech