24 Iyun 2020 yil 1025

Shahrixon tumanida sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi

Shu yilning 20 iyun kuni soat 14:00 larda Shahrixon tumani, Qo‘rg‘oncha MFYda yashovchi  fuqaro B.B  sinfdoshi H.S  bilan o‘zaro gaplashib turgan vaqtida qizning akasi H.A ularni ko‘rib qolib,  B.B.ga “Sen nimaga meni singlimni yo‘lini to‘sib bezovta qilyapsan” deb uning yuziga 2  marotaba urib xaydab yuborgan.  Shu kuni soat 18:00 larda B.B  qizning akasi H.A bilan orani ochiq qilish maqsadida Shahrixon MFY, Oqmasjid ko‘chasida joylashgan 1-umumta'lim maktab yoniga kelib, yonidagi qora rangli sumkasini ichida bo‘lgan bir dona xo‘jalik pichog‘i bilan H.A.ni qorin qismiga bir marotaba urib tan jaroxati yetkazgan. Buning oqibatida H.A tuman Markaziy shifoxanasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2020 yil  21 iyun kuni  Andijon viloyati IIB xuzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 104-moddasiga 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu mudhish holat hamda boshqa sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan  Shahrixon tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik A.Sadiqov boshchiligida Shahrixon MFYda muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muhokamada  tuman IIB  va prokuratura xodimlari, tuman bosh imomi xatibi, maxalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tuman IIB boshlig‘i tomonidan sodir etilgan noxush holat sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazildi. So‘z olganlar tomonidan bugungi kunda jinoyat va huquqbuzarliklarning oqibati bilan emas, balki uni keltirib chiqarayotgan omillarga qarshi kurash va bartaraf etish, aholi orasida jinoyatlarni barvaqt oldini olish, jinoyatni jilovlash, har bir mahallada, eng avvalo, oilalarda jinoyatchilikka qarshi muhit yaratish degan ezgu g‘oyani shakllantirish dolzarb vazifa ekanligiga alohida urg‘u qaratildi.

Shuningdek, kichik nizolarga va o‘zaro tortishuvlarga guvoh bo‘layotgan paytda atrofdagilarning majburiyatlari, tinchlikni saqlash oldidagi vazifalari, zudlik bilan  o‘sha xududda xizmat olib borayotgan profilaktika inpektoriga xabar qilish hamda boshqa bir qancha mavzularda so‘z yuritildi.

 Bundan tashqari, har bir fuqaro bunday salbiy holatlarni sodir bo‘lishini tomashabin bo‘lib kuzatib turishi emas, balki uni oldini olishga chin dildan harakat qilishi shartligi, o‘zining ogohligi va  hushyorligi bilan mas'ul ekanligi ta'kidlab o‘tildi.

Mahalla imomi tomonidan muqaddas dinimizdagi jaxl chiqqanda o‘zini jilovlash, boshqa bir insonga qasddan zarar yetkazishning gunohi og‘ir ekanligi,  ikki yoki undan ko‘proq insonlar orasida nizo chiqishini tashqaridan bila turib, bunga befarq bo‘lish ham katta ayb sanalishi xaqida  so‘z olib borildi. Maxalla raisi, nuroniylar va maxalla faollari ham ushbu holat borasida o‘zlarining fikr mulohazalarini bildirishib, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun hamjihatlikda ish tashkil  qilishlarini ta'kidlab o‘tishdi.

Muhokama yig‘ilishi yakunida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini tumandagi mavjud mahallarda istiqomat qiluvchi aholi vakillariga ta'sirchan usullarda yetkazib, ularni ogohlikka chaqirish yuzasidan tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech