9 Fevral 2021 yil 789

Sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyati sabab va oqibatlari keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi  

2021 yilning 30 yanvar kuni soat 21:00larda Andijon tumanida yashovchi fuqaro X.O‘ o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish maqsadida Andijon shahrida yashovchi X.F.ning yashash xonadonidan 14.500.000 so‘m pul, 5.600 AQSH dollari hamda 56.000.000 so‘mlik turli xildagi tilla-taqinchoqlarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan. Hozirda X.O‘.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan ayblov eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ushbu  o‘g‘irlikni sodir etgan fuqaroning qilmishi Jumabozor mahallasida yashovchi keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi. Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Ya.Abdulxakov raisligida o‘tkazilgan muhokamada ushbu jinoyatning kelib chiqish sabablari tub ildizigacha tahlil qilindi.

Unda  bugungi kunda ko‘pchilikning befarq va loqayd bo‘lib kun kechirishga o‘rganib qolganligi, fuqarolarimiz atrofida bo‘layotan hodisalarga “menga nima” qabilida ish tutayotganliklari keskin qoralandi.

Shuningdek, bu kabi jinoyatlarni oldini olish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi deb qaramasdan, mahalla va jamoatchilik vakillari ham bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishlari kerakligi, “o‘z mulkingni o‘zing asra” degan naqlga amal qilgan xolda hamisha hushyor va ogoh yashashlari bugungi kun talabi ekanligi hayotiy misollar yordamida taʼkidlandi.

Yuqoridagilarda xulosa qilib aytganda har bir fuqaro o‘z hududida sodir etilgan jinoyatlar muhokamasida qatnashishi, ularning sababini bilishi, oldini olishga imkon qadar hissa qo‘shmog‘i lozim. Bu aholining huquqiy madaniyatini yuksaltiradi va hushyorligini yana-da oshiradi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech