18 Yanvar 2021 yil 835

Spirtli ichimlik taʼsirida sodir etilgan jinoyat keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi

Shu yilning 14 yanvar kuni soat 20:30larda fuqaro I.D yashash xonadoniga mast xolda kelib, qo‘shnisi D.B.ni baland ovozda haqoratli so‘zlar bilan so‘kganligi sababli D.B I.D bilan o‘zaro janjallashgan. Janjal oqibatida ushbu xonadonda bo‘lgan ketmon bilan I.D.ning jag‘ sohasiga bir marta urib, uni qasddan o‘ldirgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro D.B JPKning 221-moddasiga asosan protsessual tartibda ushlangan. Hozirda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Sodir etilgan jinoyatni Baliqchi tumanida istiqomat qiluvchi aholi vakillariga taʼsirchan usullarda yetkazish maqsadida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Andijon viloyati IIB tashabbusi bilan o‘tkazilgan muhokamada ushbu jinoyatning kelib chiqish sabablari tub ildizigacha tahlil qilindi. Yig‘ilish kun tartibidagi masala yuzasidan Andijon IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik S.Djabborov so‘zga chiqib, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashishga butun jamoatchilik, xususan, mahalla, xotin-qizlar, nuroniy otaxon va onaxonlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan amaliy saʼy-harakatlarga qaramasdan, ayrim fuqarolarning yuqoridagi kabi  jinoyatlarini sodir etayotganliklari uyatli holatlardan biri ekanligi taʼkidlab o‘tildi.  

Shuningdek, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Ya.Abdulxakov  tomonidan   aksariyat mahallalarda qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh -urug‘larning atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarqlik bilan qarab, ko‘rib- ko‘rmaslikga olayotganliklari, bo‘layotgan  holatlarga tomoshabin bo‘lib o‘rganib qolayotganliklari, “Sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ish tutayotganliklari keskin qoralandi.  Muhokamada ishtirok etgan fuqarolar ham sodir etilgan bu jinoyat bo‘yicha o‘z munosabatlarini ochiq oydin bayon etdilar.

Bo‘lib o‘tgan bu voqeani muhokamada ishtirok etganlarning barchasi oilasi, qarindosh-urug‘lari, mahallasidagilarga ibrat olish maqsadida yetkazishlari shart ekanligi qayta-qayta taʼkidlandi. Fuqarolar o‘rtasidagi oddiy kelishmovchiliklar noxush jinoyatlarga sabab bo‘layotgani, bunda joylardagi mutasaddilar shu yo‘nalishdagi ishlarni yana-da kuchaytirishga   dolzarb vazifa sifatida  qarashlari zururligi  yana bir bora eslatib o‘tildi.  Shuningdek, Bu kabi ko‘ngilsiz holat uchun  qonunchiligimizda belgilangan qatʼiy jazo choralari qo‘llanilishi, jinoyatga jazo muqarrarligi alohida taʼkidlab o‘tildi.  

Muhokama so‘ngida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablarini boshqa mahallalardagi keng jamoatchilik vakillariga ham yana-da taʼsirchan usullarda yetkazish bo‘yicha hududiy profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, ko‘chaboshilari, oqsoqollari hamda mahalla faollariga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

 

Text to speech