Qo‘rg‘ontepa tumanida “Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kuni” munosabati bilan profilaktik tadbirlar olib borildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgust kungi 701-sonli qaroriga asosan haftaning har juma kuni “Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kuni” deb eʼlon qilingan.
Shu munosabat bilan Qo‘rg‘ontepa tumani IIB YHXB tomonidan navbatdagi profilaktika tadbirlar tashkil etildi.
Xususan, Dardoq qishlog‘i va Qorasuv shahri markazlarida tuman YHXB inspektorlarining yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar ishtirokida davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.
Muloqotlar davomida, yo‘l qoidalariga rioya etish, tezlikni oshirmaslik, spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda avtomobil boshqarmaslik, shuningdek, yo‘lovchi tashish davomida haydovchilar o‘zlari bilan birgalikda yo‘lovchilar uchun ham masʼul ekanliklari, avtomashinaning texnik sozligiga eʼtiborli bo‘lish, rulda telefondan foydalanmaslik eslatib o‘tildi.
- Yo‘l harakati davomida qoidani buzish jarimaga olib borishini hammamiz bilamiz. Ammo, tezlikni oshirish yoki boshqa turda qoidalarni eʼtibordan chetda qoldirish o‘z hayotingizga xavf tug‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Afsuski, yo‘l harakatidagi kutilmagan hodisalar hayotdan bevaqt ketishgacha borib yetmoqda. Shu sabab bilan, bugun sizlardan qoidalarga rioya etishingizni takroran va qatʼiyan so‘ramoqchimiz! –deya suhbatlar davomida taʼkidlab bordi YHXB katta inspektori Shodiyor Qurbonov.
Bundan tashqari, haydovchilar tomonidan bildirilgan masalalar borasida murojaatlar ham tinglab borilib, ularga nisbatan barcha mavjud imkoniyatlar va maʼlumotlar to‘g‘risida aniq javoblar berib borildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati