O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Shahrixon tumanida yangi tashkil etilgan kutubxonaning ochilish marosimida ishtirok etdi
Kitob bilim kaliti, ulkan maʼnaviy ozuqadir. Mamlakatimizda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, yoshlar qalbida kitobga nisbatan mehr-muhabbatni yana-da kuchaytirish, ularda mutolaaga bo‘lgan ishtiyoqni oshirish, kelajagimiz egalarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada belgilangan chora-tadbirlar doirasida Shahrixon tumanida yangi kutubxona tashkil etildi. Yangi ziyo maskani fondini boyitish maqsadida tuman faollari, ziyolilar vakillari tomonidan kitob aksiyasi o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlari vazirining o‘rinbosari, general-mayor A.Ikramov kitobning inson kamolotidagi o‘rni, bu kabi kutubxonalar yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishi haqida so‘z yuritdi. Aksiya asnosida mehmonlar va barcha ishtirokchilar tomonidan yangi kutubxonaga kitoblar sovg‘a qilindi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati