2 Fevral 2021 yil 815

O‘zbekiston Respublikasi IIV Andijon akademik litseyida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Andijon akademik litseyida buyuk mutafakkir, shoir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbirga O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Shuhrat medali sohibi, el ardog‘idagi yozuvchi Habib Siddiq hamda qator sheʼriy to‘plamlar muallifi, shoir va tarjimon, hofiz Avaz Abdusalom tashrif buyurdi.  

Tadbir 1-bosqich 6-guruh o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy  chiqishlar bilan boshlandi. Umri davomida vatanparvarlik, odamiylikni o‘z asarlarida tarannum etgan Mir Alisher Navoiy haqida  o‘quvchi-yoshlar tomonidan maʼlumotlar aytildi, shoir g‘azallaridan namunalar o‘qildi.

Taklif etilgan mehmonlar g‘azal mulkining sultonining jahon adabiyoti sahnasida tutgan o‘rni, bebaho asarlari to‘g‘risida  mazmunli maʼlumotlar, shoir  hayoti va ijodiga oid qiziqarli faktlar keltirib o‘tdilar.

O‘quvchilar tomonidan mutafakkir shoirning betakror g‘azallari o‘qildi hamda shoirga  bag‘ishlab yozilgan sheʼrlar aytildi. Ulug‘ bobokalonimiz ijodi bir ummon ekanligi, uni qancha o‘qib-o‘rgansak ham kamligi eʼtirof etildi.

Shuningdek, ijodiy uchrashuv davomida mehmonlar o‘z ijodlari va hayot yo‘llari haqida o‘quvchilarga so‘zlab berdilar. Ayniqsa, yozuvchi Habib Siddiq o‘zining  hajviy asarlaridan namunalar o‘qib bergani, hofiz Avaz Abdusalomning kuyga solingan Navoiy g‘azallaridan jonli ovozda ijro etgani tadbir  ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbir yakunida tashrif buyurgan mehmonlar yoshlarga berilayotgan eʼtibor, ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar to‘g‘risida to‘xtalib, o‘quvchi-yoshlarni yana-da faolroq bo‘lishlari, ko‘proq kitob o‘qishlari, bilimlarini mustahkamlashlari  kerakligi, shundagina o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga yetishlari va o‘z kasbining yetuk mutaxassislari bo‘lishlarini uqtirib o‘tdilar.

Uchrashuv davomida o‘quvchi-yoshlar  o‘zlarini qiziqtirgan savollari, fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etdilar.

Tadbir so‘nggida mehmonlar o‘zlarining ijod namunasi bo‘lmish kitoblardan litsey kutubxonasiga sovg‘a qildilar.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech