Vatan sarhadlari ishonchli qo‘llarda
Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Cho‘lpon yodgorliklar muzeyi” bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Andijon akademik litseyi bilan hamkorlikda “Vatan sarhadlari ishonchli qo‘llarda” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Tadbirda akademik litseyining 2 bosqich 6-guruh o‘quvchilari, afg‘on urushi qatnashchilari hamda muzey xodimlari ishtirok etdilar.
Dastlab, Cho‘lpon yodgorlik muzeyi bo‘limi mudiri K.Mamatqulov o‘z hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlashni niyat qilgan butun bo‘lajak Vatanimiz posbonlariga muzey jamoasining tabrigini o‘qib eshittirdi. So‘ngra “Vatan himoyasi muqaddas burch” mavzusida maʼruzasi tinglandi. Tadbir samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tdi. “O‘zbekiston Qurolli kuchlari tarixi ”, “Amir Temur davridagi harbiy siyosat” , kabi mavzularga oid savol-javoblar qizg‘in davra suhbatiga aylanib ketdi. Afg‘on urushi qatnashchisi Qosimjon Sobirov yoshlarga urush voqealarini so‘zlab, tinchlikni qadriga yetishlarini taʼkidlab o‘tdi. O‘quvchi yoshlar tomonidan tayyorlangan adabiy va musiqiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Saf qo‘shiqlari sadolari ostida safda yurish mashqlarini ko‘rsatib berdilar. Ayniqsa, akademik litsey axborot-resurs markazi rahbari G.Anorboyeva tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining bugungi kundagi nufuzi, harbiy kadrlarni tayyorlash borasida olib borilayotgan islohotlar va xalqaro hamkorliklari hamda Amir Temur harbiy siyosati to‘g‘risidagi qiziqarli maʼlumotlar muzey xodimlari va tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Litsey o‘quvchilari Cho‘lpon sheʼrlaridan namunalar o‘qidilar. Tadbir doirasida o‘quvchi-yoshlarga muzey ekspozitsiyasi bo‘ylab chuqurlashtirilgan mavzuli ekskursiya tashkil etildi. Muzey xodimi R.Muhammedova tomonidan tadbir ishtirokchilariga kitoblar va bukletlar taqdim qilindi.
Ushbu tadbir davomida o‘quvchi-yoshlar Ona-yurtga sodiq farzand bo‘lib, masʼuliyat bilan Vatanni himoya qilishlari, har qanday vaziyatda xam Vatan himoyasiga doim tayyor va sergak bo‘lishlari kerakligini anglab yetdilar.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati