5 Fevral 2024 yil 1235

O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kunduzgi taʼlim 3-o‘quv kursi kursantlari tomonidan Andijon viloyati ichki ishlar organlarida bitiruv oldi amaliyotining boshlanishi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kunduzgi taʼlim 3-o‘quv kursi kursantlarining Andijon viloyati ichki ishlar organlaridagi bitiruv oldi amaliyoti boshlanishi munosabati bilan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov rahbarligida yig‘ilish o‘tkazildi. 

O‘tkazilgan yig‘ilishda 47 nafar kursantlar, ularning ota-onalari hamda ularga biriktirilgan murabbiylar ishtirok etdilar.

Yig‘ilish avvalida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari so‘zga chiqib, unda mazkur amaliyot O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining hamda Boshqarma boshlig‘ining tegishli buyruqlari talablari asosida tashkil etilayotganligi, har bir kursantga mutaxassisligi bo‘yicha tajribali amaliyot murabbiylari biriktirilganligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, bitiruvdan so‘ng ushbu kursantlar Ichki ishlar organlari xodimlari oldiga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqqan holda huquqbuzarliklarning oldini olish hamda sodir etilgan jinoyatlarni issiq izidan ochishda o‘zlarining hissalarini qo‘shishlari lozim bo‘lishi, kursantlarning amaliyotini sifatli, mazmunli va xavf-xatarsiz o‘tkazishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligini taʼkidlab o‘tildi.

Bundan tashqari, yig‘ilish davomida boshqarma faxriylar kengashi raisi, boshqarma boshlig‘ining maslahatchisi hamda Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi masʼul xodimlari so‘zga chiqib, kursantlarga tegishli ko‘rsatma va maslahatlarini berib o‘tdilar.

Tadbirda kursantlarning ota-onalari so‘zga chiqib, amaliyot davomida ichki ishlar organlariga munosib kadrlar bo‘lib yetishishlari uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni sidqi dildan o‘zlashtirishlari lozimligini aytib o‘tdilar.

Yakunda Akademiyada taʼlim olish jarayonida tengdoshlari orasida o‘zining bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi bilan alohida o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir qator kursantlar va ularning ota onalariga minnatdorlik xatlari hamda tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech