20 Fevral 2025 yil 5414

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 18-sonli farmoni tasdiqlandi

Mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham  keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, pirovardida, yurtimiz iqtisodiyotini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 18-sonli farmoni tasdiqlandi.

Farmonga ko‘ra, yurtimizda yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibi yanada takomillashtiriladi. eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida yer uchastkalari 3 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda “E-auksion” savdo platformasida savdolariga chiqariladi va dala chetida (muhofaza zonasidan tashqari) 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan, lekin ijaraga berilgan kontur maydonining bir foizidan oshmagan qismida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarni (yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi, texnika parki) qurish mumkinligi nazarda tutilgan.

Boshlang‘ich narx yer uchastkasi normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Birinchi auksionda sotilmagan lotlar har besh kun ichida lotning boshlang‘ich narxning 10 foizdan 20 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirgan holda takroriy auksionga chiqariladi.

Yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion g‘olibi, ya’ni ijaraga yer olgan jismoniy va yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksida belgilangan huquqlar va majburiyatlar bilan birga quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

 - yer uchastkasidan qirq to‘qqiz yil ijara huquqi asosida foydalanish, keyinchalik ijara muddatini qonunchilikka muvofiq uzaytirish;

 - qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini, shuningdek, ularni yetishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish usullarini mustaqil ravishda belgilash, shu jumladan, paxta va g‘alla ekinlarini faqat o‘zi ma’qul deb hisoblagan taqdirdagina yetishtirish belgilangan.

Yer kodeksiga muvofiq ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini tekinga yoki haq evaziga ijara muddati davomida boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish), yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish imkoniyatlari mavjud.

Farmon ijrosi doirasida joriy yilda Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Baliqchi, Buloqboshi, Bo‘ston, Jalaquduq, Izboskan, Marhamat, Oltinko‘l, Paxtaobod, Xo‘jaobod, Shahrixon va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida jami 629,7 gektar yer maydoni savdoga chiqarilishi belgilangan.

Jamshidbek ISROILOV, “Yelektron-onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ

Andijon viloyati hududiy vakili.

 

Text to speech