20 Mart 2025 yil 1663

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son Qaroridan kelib chiqib, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida sodir etilgan jinoyat yuzasidan tanqidiy muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son Qarorida jinoyat sodir etilgan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli va natijadorligi bo‘yicha barcha mas’ul idora va muassasalar bilan tanqidiy muhokamalar o‘tkazilishi hamda ushbu masalaga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga nisbatan ta’sir choralar ko‘rib borilishini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan bo‘lib, shunga asosan Baliqchi tumanida 19-mart kuni maktab o‘quvchisi tomonidan sodir etilgan mudhish jinoyat sabablari keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama etildi. 

Andijon viloyati prokurori Murodillo Abduhakimov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Djabarovlar raisligida bo‘lib o‘tgan muhokamada tumandagi huquq-tartibot organlari rahbarlari, tashkilot-muassasalar mas’ullari, “mahalla yettiligi” a’zolari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

So‘z olganlar tomonidan sodir etilgan noxush holat sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazilib, ushbu  jinoyatning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratgan omillar tub ildizigacha tahlillar asosida tanqidiy muhokama qilindi.

O‘z ishiga beparvolik va loqaydlik bilan munosabatda bo‘lgan mas’ul idora va tashkilotlarga belgilangan tartibda jazo choralari ko‘rilishi aytib o‘tildi.

Muhokama yig‘ilishida “mahalla yettiligi” a’zolari, ta’lim muassasasi mas’ullari tomonidan ushbu sodir etilgan ayanchli holatdan o‘zlariga yetarlicha xulosa chiqargan holda kelgusida bunday jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.  

Shuningdek, boshqa bir insonga qasddan zarar yetkazishning gunohi og‘ir ekanligi, ikki yoki undan ko‘proq insonlar orasida nizo chiqishini tashqaridan bila turib, bunga befarq bo‘lish ham katta ayb sanalishi haqida atroflicha so‘z yuritildi.  .

Bundan tashqari, o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida bugungi kunda keng tus olayotgan kiberfiribgarlik xususida ham atroflicha so‘z yuritilib,  fuqarolarning ushbu turdagi jinoyatlar qurboniga aylanib qolishlarida aksariyat hollarda ishonuvchanligi sabab bo‘layotganligi keskin tanqid ostiga olindi.

Tadbir yakunida  sodir etilgan jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini muhokamada  ishtirok etganlarning barchasi oila a’zolari, qarindosh urug‘lari hamda tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari kerakligi aytilib, bu borada tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech