Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Sanjar Djabarovning Navro‘z – umumxalq bayrami munosabati bilan tabrigi!
Sharqona yangi yil boshlanadigan qutlug‘ kun – Navro‘zi olam asrlar davomida bahor, ezgulik, mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutib kelmoqda.
Bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan oliyjanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi hamda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida keng nishonlanmoqda.
Ushbu ulug‘ faslning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan gumanizm, odamzotni butun borliqning gultoji sifatida e’zozlash, ona zamin va tabiatni asrab-avaylash tamoyillari bugungi kunda hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Hurmatli hamkasblar hamda aziz faxriylar!
Barchangizni ezgulik va yangilanish ramzi bo‘lmish Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Navro‘z – bu tabiat uyg‘onishi, mehr-oqibat va insonparvarlik tantanasi, xalqimiz azaliy an’analari va qadriyatlari mujassam bo‘lgan eng qadrli bayramlardan biridir. Bu fursatda yurtimizga fayzu baraka, xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, oilalaringizga baxtu saodat, ishlaringizda muvaffaqiyat yor bo‘lishini tilab qolaman.
Ichki ishlar organlari hamisha xalqimizning tinchligi, xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilib kelmoqda. Biz ushbu muqaddas burchimizga sadoqat bilan, fidoyilik va mas’uliyat bilan yondashishda davom etamiz.
Navro‘z bayrami barchangizga yangicha kuch-g‘ayrat, ruhiy va jismoniy barkamollik, yurt obodligi yo‘lidagi ezgu ishlaringizda muvaffaqiyat ato etsin!
S.B.Djabarov
Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik.
2025-yil 21-mart